Skip to content

C++ haqida

C++ mashxur va ommabop dasturlash tillaridan biri bo'lib, kompyuter dasturlari tuzishda va turli hisob kitoblarni amalga oshirishda ishlatiladi.

Ushbu tildan yuqori unumdorlikdagi ilovalarni ishlab chiqishda foydalaniladi. Shuningdek, o'yinlar tuzishda tezlik talab qilinuvchi qismlariga ko'proq C++ dasturlash tilida kod yoziladi.

C++ cross-platform ya'ni bir nechta platformalarda ishlay oladigan ilovalar tuzish imkonini beruvchi dasturlash tili hisoblanadi. Ushbu yondashuv Windows, macOS, Linux kabi turli xil muhitlarda hamda iOS va Android kabi mobil platformalarda yagona kod bazasini saqlash, kompilyatsiya qilish va amalga oshirishga imkon beradi.

ESLATMA

Mavzularni chap tomondagi menyu asosida ketma-ket o'rganib borishingizni maslahat beramiz.

Ushbu qo'llanmani tugatgandan so'ng, siz C++ dasturlarini yozishingiz va haqiqiy hayotiy dasturlarni ishlab chiqishingiz mumkin bo'ladi.

C++ dasturlash tilini o'rganish uchun oldindan dasturlash tajribasiga ega bo'lish shart emas.

MA'LUMOT

Qulay bo'lishi uchun keyingi o'rinlarda dasturlash tili atamasini qisqartirib til deb yuritiladi.

C++ tili Bjarne Stroustrup tomonidan C tilining kengaytirilgan shakli sifatida ishlab chiqilgan va ikkala til ham deyarli bir xil yoziladigan sintaksisga ega.

C++ dasturchilarga tizim resurslari va xotirasi ustidan yuqori darajadagi nazorat qilish imkonini beradi.

Nima uchun C++ ?

Allaqachon C++ haqida sanab o'tgan narsalarimni takrorlamoqchi emasman. Shuning uchun yangi ma'lumotlarnigina yozaman.

C++ bugungi kunda operatsion tizimlar, grafik foydalanuvchi interfeyslari va o'rnatilgan tizimlarda ishlatiladi.

C++ obyektga yo'naltirilgan dasturlash tili bo'lib, dasturlarga aniq tuzilma baradi, kodni qayta ishlatishga imkon beradi va ishlab chiqish xarajatlarini kamaytiradi.

C++ ko‘chiriluvchi (portativ) til bo‘lib, turli platformalarda ishlay oladigan ilovalarni ishlab chiqishda qo‘llanilishi mumkin.

C++ o‘rganish uchun qiziqarli va oson til!

C++ C, C#, Java, Rust va Zig tillariga yaqin bo‘lgani uchun dasturchilar uchun C++ dan bu tillarga o‘tish yoki aksinchasi oson bo‘ladi.

C va C++ o'rtasidagi farq

C++ tili C tilining kengaytmasi sifatida ishlab chiqilgan va ikkala til ham deyarli bir xil sintaksisga ega. C va C++ o'rtasidagi asosiy farq shundaki, C++ sinflar va obyektlarni qo'llab-quvvatlaydi, C esa qo'llab-quvvatlamaydi.

Til standartlari

Rasmiy C++ standartlari xalqaro standartlashtirish tashkiloti bo'lgan ISO tomonidan e’lon qilinadi. Zamonaviy asosiy versiyalar C++11, C++14, C++17, C++20 va C++23 bo‘lib, ular xavfsizroq, samaraliroq va ifodali kod yozishga yo‘naltirilgan. Hozirda C++26 ustida ishlanmoqda.

C++ tilining asosiy standart versiyalari

DIQQAT QILING!

Zamonaviy kompilyatorlar (GCC, Clang, MSVC) ba’zan to‘liq bo‘lmasada, ushbu standartlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu kompilyator versiyasiga bog‘liq. Qo‘llab-quvvatlashni tekshirish uchun __cplusplus makrosidan foydalanish mumkin.

E’lon qilingan yiliISO/IEC StandartiNorasmiy nomiYangilanishning asosiy xususiyatlari
199814882:1998C++98Birinchi standartlashtirilgan versiya; shablonlar, istisnolar va Standart Shablon Kutubxonasi (STL) joriy etilgan.
200314882:2003C++03Kichik xatoliklarni tuzatish yangilanishi; asosiy yangilanish emas.
201114882:2011C++11, C++0xAsosiy yangilanish; auto kalit so‘zi, lambda ifodalar, aqlli ko‘rsatkichlar va bir xil boshlang‘ichlash (uniform initialization) konseptsiyasini joriy etgan.
201414882:2014C++14, C++1yKichik yangilanish, samaradorlik va qulaylikni oshiradi (masalan, generik lambdalar).
201714882:2017C++17, C++1zStrukturaviy bog‘lashlar, std::optional, va parallel algoritmlarni joriy etgan asosiy yangilanish.
202014882:2020C++20, C++2aModullar, Konseptsiyalar, Korutinlar va Ranges kabi muhim yangilanishlar.
202414882:2024C++23, C++2bSo‘nggi standart; kutubxona yaxshilanishlari, std::expected va deducing this ga e’tibor qaratilgan.
EQK:202614882:2026C++26, C++2cHozirda ishlab chiqilmoqda va yaqin kelajakda e’lon qilinadi.

Xulosa qilish mumkinki, C++11 dan beri har uch yilga yaqin muddatda yangi til xususiyatlari va kutubxonalarni joriy etish maqsadida asosiy yangilanishlarni o'z ichiga olgan yangi standart versiya chiqariladi.

Ilk dastur kodi

FOYDALI ESLATMA

Har bir darsda berilgan misollarning natijasi ham ostida berilgan. Ularni o'zingizning qurilmangizda sinab, tahrirlab ko'rishingiz mumkin. Hozircha saytda xavfsizlik yuzasidan onlayn kompilyator qo'shishning iloji yo'q. Ammo, buning ustida ham ishlayapmiz.

cpp
#include <iostream>
using namespace std;

int main() {
  cout << "Salom, Dunyo!";
  return 0;
}
Natija
shell
Salom, Dunyo!

Vazifalar haqida

Bilimlaringizni tekshirish uchun har bir dars so'ngida maxsus vazifalar beriladi. Ularni bajarib, o'rganganlaringizni mustahkamlab borishingiz mumkin.

MA'LUMOT

Ayni vaqtda sizning vazifalaringizni tekshiruvchi bo'lim ustida ishlar olib borilmoqda. Shu sababli vazifalarni o'zingiz bilan rost bo'lgan holda ishlashingiz tavsiya qilinadi.